Oxirgi yillarda O'zbekiston tibbiyoti jadal rivojlanayotgani barchaga ma'lum. Buni 2017 yilda xususiy shifoxonalar soni qariyb 3,3 mingtani, bugunga kelib, 8 ming 600 dan ziyodni tashkil etayotgani misolida ham ko'rish mumkin. Ular tomonidan umumiy tibbiy xizmatlarning 30 foizi qamrab olinayotgani, ayniqsa, e'tiborga molik.

Yana bir misol: oldinlari xususiy klinikalardagi ixtisoslik turlari 50 ta bo'lgan, hozirda 210 tadan oshdi. Ushbu ijobiy ko'rsatkichlarda Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi tibbiyot tashkilotlarini lisenziyalash va akkreditasiyalash markazining munosib ulushi bor.
— Markazimiz 2023 yilda Prezidentimizning tegishli qarori bilan tashkil etilgan, — deydi muassasa direktori Jaloliddin Asamutdinov. — Uning faoliyatini xalqaro talablar asosida yo'lga qo'yish choralarini ko'ryapmiz. Raqamli echimlar joriy etish hamda akkreditasiya tizimini xalqaro standartlar asosida shakllantirish ishlari olib borilmoqda.
Lisenziyalash va akkreditasiyalashni o'z vaqtida, sifatli, shaffof ko'rib chiqib, inson omilini kamaytirish va qulayliklar yaratish maqsadida "CLAMO Cabinet" platformasi test rejimida ishga tushirilganini aytish zarur.
Markazda "1369" qisqa raqamli "Call markaz" tashkil etilgani ham diqqatga sazovor. O'tgan yilda unga 510 ta murojaat bo'lgani holda, ulardan 55 foizini lisenziya bo'yicha masalalar tashkil etgan.
Akkreditasiyalash yo'nalishida ham yaxshi ishlar ro'yobga chiqarilayotir. Jumladan:
Akkreditasiyalash bo'yicha Milliy standartlar ishlab chiqildi hamda amaliyotga tatbiq etilyapti.
Milliy akkreditasiya tizimini joriy qilish bo'yicha ishchi guruh tashkil etildi.
O'tgan yil iyun oyida xalqaro ekspertlar tomonidan bir haftalik o'quv seminari o'tkazildi va 11 nafar mutaxassis xalqaro sertifikatga ega bo'ldi.
Markazimiz tomonidan xalqaro hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Milliy standartlarni akkreditasiyadan o'tkazish bo'yicha ISQua xalqaro tashkilotiga ariza yubordik. Tegishli baholash jarayonlari yakuniga etgandan so'ng muassasamiz xalqaro akkreditasiyadan o'tadi.
Shu o'rinda markazimiz tomonidan hozirgacha Toshkent shahridagi "M-Clinic" va Samarqanddagi "Meros" klinikalari Milliy standartlar bo'yicha akkreditasiyadan o'tkazilganini aytish joiz. Ayni chog'da yana 5 ta tibbiyot muassasasini Milliy akkreditasiyadan o'tkazish jarayoni boshlangan.
Hozirga paytda lisenziyalash va akkreditasiyalash jarayonlarini yanada soddalashtirish, tibbiyot tashkilotlari uchun teng va qulay shart-sharoitlar yaratish hamda davlat va xususiy sektor o'rtasida samarali hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Umuman olganda, soha amaliyotiga kiritilayotgan lisenziyalash va akkreditasiyalash bo'yicha Milliy shaffof tizim tibbiyot tashkilotlarida xizmatlar sifatini oshirish, bemorlar xavfsizligini kafolatlash, davlat va xususiy sektor o'rtasida raqobat muhitini kuchaytirish imkonini beradi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.







