"Tsikada" shtammi O'zbekistonda

    Mutaxassis: "Tsikada" shtammi O'zbekistondagi epidemiologik barqarorlikka ta'sir ko'rsatmaydi

    So'nggi paytlarda xorijiy va mahalliy OAVda ba'zi mamlakatlar bo'ylab COVID-19 ning "tsikada" deb nomlangan yangi — BA.3.2 shtammi tarqalayotgani bilan bog'liq xabarlar e'lon qilinmoqda.

    Xususan, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hozirgacha AQSh, Gonkong, Mozambik va Buyuk Britaniya kabi 23 ta davlatda ushbu mutasiya ro'yxatga olinganini ma'lum qildi. 

    Xo'sh, yangi shtamm qanchalik xavfli? Uning yurtimizga kirib kelish ehtimoli bormi? Qanday profilaktik choralar ko'rish talab etiladi?

    SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Nurmat Atabekov quyidagicha javob berdi.

     — Aslida, BA.3.2 shtammi aniqlanganiga ancha bo'lgan va u bir xil tezlikda tarqalmasligi bilan xarakterlanadi. Shu bois bu mutasiyaga 17 yilgacha "uyquga ketishi" mumkin bo'lgan va uzoq muddat borligini sezdirmaydigan hasharot — tsikada nomi berilgan. 

    Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hali kasallikning tarqalish darajasini kuzatib borish kerak va jiddiy muammolar yuzaga kelishiga asos ko'rmayapmiz, degan xulosasini ma'lum qildi. Qolaversa, yangi shtamm boshqalariga nisbatan xavfliroq ekaniga doir etarli dalillar mavjud emas.

    Dastlabki o'rganishlarga ko'ra, "tsikada" shtammi "Omikron"ga xos, o'xshash klinik belgilar bilan kechadi. U nafas yo'llari jarohatlanishi, ya'ni burun bitishi, yo'tal, tomoqda og'riq, qizarish, ba'zan hid va ta'm bilmaslik kabi alomatlar bilan namoyon bo'lishi mumkin. 

    Mutaxassislar unga kattalarga nisbatan bolalar ko'proq chalinayotganini aytishmoqda. Bu quyidagi omil bilan bog'liq. 

    Ma'lumki, pandemiya davrida dunyo aholisining katta qismi COVID-19 ga qarshi emlandi va shu tufayli ularning qaytadan bu kasallikka chalinish ehtimoli juda kam. Ammo avval koronavirus bilan ro'baro'kelmagan, ya'ni organizmida hali xastalikka qarshi antitanachalar shakllanmagan bolalarning bu virusni yuqtirish xavfi mavjud. 

    Surunkali kasalligi bor, nafas yo'llari xastaliklaridan aziyat chekuvchilar, immuniteti zaif va yoshi katta insonlar ham bu xavfdan etarli darajada himoyalanmagan. 

    Albatta, virus o'choqlari aniqlangan hududlarda bo'lib qaytgan odamlar bilan imkon qadar muloqotni cheklashni tavsiya qilamiz. Biroq "tsikada" epidemiya yoki pandemiyani keltirib chiqaradi, degan fikrdan uzoqmiz. 

    O'zbekiston misolida aytadigan bo'lsak, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo'lgani singari munosabat allaqachon shakllangan. Negaki, yurtdoshlarimizning qariyb 80 foizida jamoaviy immunitet vujudga kelgan. 

    Shu ma'noda, dunyoda qayd etilayotgan yangi shtammlar haqida shov-shuvli xabarlar tarqatish to'g'ri emas. Xavotirlanish uchun hech qanday asos yo'q.

    Sog'liqni saqlash vazirligi 
    Matbuot xizmati.

     

    Akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari

    Bugun poytaxtimizdagi Inxa universitetida "Akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari" mavzuida V yoshlar ilmiy-amaliy konferentsiyasi bo'lib o'tmoqda.

    Mazkur nufuzli tadbir Sog'liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etildi.

    Anjumanni Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari E.Basitxanova ochib berdi.

    An'anaviy tadbirga aylanib ulgurgan va yosh mutaxassislarni bir manzilda birlashtirayotgan ushbu anjumanda 200 nafardan ziyod ishtirokchilar qatnashmoqda. Ular orasida Rossiya, Qozog'iston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan 30 nafardan ortiq yoshlar, sohaning etuk mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar ham bor.

    Anjumanda yurtimizning turli viloyatlaridan hamda chel davlatlardan kelgan yosh tadqiqotchilar va olimlar o'z ma'ruzalari bilan qatnashib, bilim almashishmoqda.

    SSV matbuot xizmati tomonidan tayyorlagan shu haqdagi videolavha bilan yaqin vaqtlarda tanishasiz.

    Sog'liqni saqlash vazirligi 
    Matbuot xizmati.

     

    Sirdaryoda tibbiyotni raqamlashtirish

    Sirdaryoda tibbiyotni raqamlashtirish qanday natija bermoqda?

    Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari olim Omonov ishtirokida Sirdaryo tumani sog'liqni saqlash bo'limida hududdagi tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.

    Ta'kidlanganidek, so'nggi ikki yilda viloyatdagi mavjud 174 ta davlat tibbiyot muassasasining barchasi AKT va tarmoq qurilmalari, 2100 dan ziyod monoblok, 900 ga yaqin planshet hamda boshqa zarur jihozlar bilan ta'minlandi. 

    Viloyat shifo maskanlarida DMED yagona elektron axborot tizimi yo'lga qo'yilib, bemorlarni ro'yxatga olish hamda tibbiy ko'rik natijalari elektron shaklda yuritilmoqda. Jumladan, bu boradagi ishlar Sirdaryo tumanida ijobiy samara beryapti.

    Qayd etilishicha, ushbu hudud Prezidentimizning 2025 yil 19 maydagi tegishli farmoniga muvofiq, yurtimizning namunaviy 15 ta tumani (shahar) qatoriga kiritilib, bu erda sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda.

    Xususan, dastur doirasida tuman sog'liqni saqlash bo'limi tashkil qilinib, mavjud birlamchi tibbiyot muassasalari oilaviy poliklinikalarga aylantirildi. Shundan 4 tasiga 2-tip, 11 tasiga 1-tip hamda 3 tasiga oilaviy poliklinika filiallari maqomi berildi.

    Raqamlashtirish jarayonlarini yo'lga qo'yish maqsadida shifo maskanlaridagi lokal tarmoq, axborot-kommunikasiya va kompyuter jihozlari to'liq xatlovdan o'tkazildi va ehtiyoj asosida zarur texnikalar bilan ta'minlandi. Shuningdek, tumandagi 1100 nafarga yaqin tibbiyot xodimining axborot tizimlaridan foydalanish bo'yicha ko'nikmalari mustahkamlandi.

    Tadbirda hududdagi ijobiy holatlarni namuna sifatida ko'rsatib o'tish barobarida, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo'yicha mas'ullarga aniq topshiriqlar berildi.

    Qayd etilganidek, yaqinda Sirdaryo viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasi rahbari etib tayinlangan V.Xudoyqulov zimmasiga birlamchi tibbiy yordamni takomillashtirish, sohani raqamlashtirish bilan bog'liq qator ustuvor vazifalar yuklatilgan. Tadbirda uning bu boradagi mas'uliyati yuqori ekani ta'kidlanib, belgilangan topshiriqlarni sifatli amalga oshirish zarurligi aytib o'tildi.

    Tadbir so'ngida sohani raqamlashtirishda faollik ko'rsatgan bir guruh hamshiralar vazirlikning faxriy yorliqlari va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

    Sog'liqni saqlash vazirligi 
    Matbuot xizmati.