SSV: Ixtisoslashgan markazlar amaliyotiga 200 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy qilinadi

SSV: Ixtisoslashgan markazlar amaliyotiga 200 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy qilinadi

Zayniddin Sayfutdinov,
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i:

 — Oxirgi yillarda yurtimizda ixtisoslashgan tibbiy xizmat aholiga yanada yaqinlashdi. Natijada olis va chekka hududlarda nafaqat kasalliklarni samarali davolash, balki erta aniqlash va oldini olish imkoniyatlari kengaymoqda.

 Bunda so‘nggi 6 yilda mamlakatimizdagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari soni 10 tadan 24 taga yetkazilgani, hududlarda ularning filiallari tashkil etilayotgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotir.

 Aytish kerak, 2023 yildan mazkur yo‘nalishda yangicha ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Unga ko‘ra:

 Respublika ixtisoslashtirilgan markazlar amaliyotiga 200 turdagi, viloyat darajasida 370 turdagi, tuman darajasida 150 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari tatbiq qilinadi. Buning natijasida, yiliga 2 mln. nafar aholi o‘z yashash hududida malakali tibbiy xizmat olishi mumkin bo‘ladi.

 Markazlarning 1 140 nafar mutaxassislarini safarbar qilish orqali hududlarda jigar, qon-tomir, qorin, ko‘krak qafasi, transplantologiya, mikroxirurgiya, rekonstruktiv va plastik jarrohlik amaliyotlari keng joriy etiladi.

Shuningdek, buyrak transplantatsiyasi amaliyoti 2022 yildagi 350 tadan joriy yilda 500 taga, jigar transplantatsiyasi 20 tadan 50 taga oshiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.