JSST: Sakkiz haftadan buyon dunyoda COVID-19 dan o‘lim ko‘rsatkichlari ortmoqda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus 2022 yilning dekabr oyidan buyon dunyoda koronavirus qurbonlari soni ortib borayotganini ma’lum qildi.
“Qariyb ikki oydirki, COVID-19 oqibatida haftalik o‘lim ko‘rsatkichlari muttasil o‘smoqda, — deydi JSST rahbari. — Bu davrda kasallik Yer yuzi bo‘yicha 170 ming nafardan ortiq kishini hayotdan olib ketdi va bu faqat bizga ma’lum raqamlar. Real statistika esa bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin”.
Uning qayd etishicha, ushbu hafta COVID-19 bo‘yicha favqulodda qo‘mitaning majlisida koronavirus pandemiyasini bekor qilish yoki uzaytirish masalasi muhokama qilinadi.
"Hozirgi vaziyat bundan uch yil avvalgi epidemiologik holatga nisbatan yaxshiroq bo‘lsa-da, ammo jamoaviy immunitet hali yetarli darajada emas, — deydi T. Gebreyesus. — Ko‘p aholi qatlami hanuz buster doza bilan emlanmagan. Bu esa xavotirlanishimiz uchun asosli dalildir".
Obidjon Dilmurodov, mahalliy konsultant.