“Omikron”dan so‘ng hosil bo‘lgan immunitetning himoya darajasi 10 oy o‘tgach, 36 foizga tushadi
Koronavirusdan himoyalanishda ham, sog‘ayishda ham immun tizimi hal qiliuvchi ahamiyat kasb etadi. Ammo SOVID-19 dan so‘ng organizmda hosil bo‘ladigan antitanalarning davomiylik muddati bor.
Buyuk Britaniyaning “Lancet” tibbiyot nashrida e’lon qilingan tadqiqot natijalari shunga bag‘ishlangan. Ilmiy xulosalar 19 mamlakatda o‘tkazilgan 65 ta sinov va o‘rganishlar yakunlariga asoslanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu xastalikni boshdan kechirganlar yana koronavirusni yuqtirsa, ularda o‘lim yoki shifoxonaga yotqizilish xavfi bu dardga biror marta chalinmaganlarga nisbatan 88 foizga kamayadi.
Ammo kasallik faol mutatsiyaga uchrashi bilan yangi shtamm va subvariantlar paydo bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, organizmdagi antitanalarning himoya darajasiga borgan sari salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Masalan, “omikron”dan avvalgi variantlarni yuqtirib, sog‘aygan bemorlarda bu ko‘rsatkich bir oy ichida 85 foiz, 10 oydan keyin esa 79 foizni tashkil etgan. “Omikron” shtammida esa ushbu raqamlar bir oy ichida 74 foiz, 10 oydan keyin 36 foizga teng bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, gibrid immunitet egalari (kasallikdan so‘ng vaksina olganlar)ga koronavirus yuqish ehtimoli emlanmagan va SOVID-19ga chalinmaganlarga nisbatan kamida 95 foiz past bo‘ladi. Shu sababli mutaxassislar barcha aholi qatlami to‘liq bosqichda va buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.