SSV: Tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ijrosiga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda vazir Amrillo Inoyatov ishtirok etib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’ruza qildi.
Ta’kidlash lozimki, 2022 yilda imzolangan 10 ta ichki normativ-huquqiy hujjat tizimda korrupsion holatlarning sezilarli darajada kamayishiga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, 2023 yil tibbiyot sohasida “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb e’lon qilinib, bu boradagi murojaatlarni qabul qilish uchun vazirning 91 403-17-73 mobil raqami hamda 71 241-10-65 "Ishonch telefoni", 1003 va 1203 qisqa raqamli aloqa liniyalari ishga tushirildi.
O‘rta tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilishda elektron rezyume yuborish imkoniyati yaratilib, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali vacancy.argos.uz orqali tanlovlar e’lon qilish yo‘li bilan malakali kadrlarni tanlab olish amaliyoti joriy etilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida tibbiyot sohasini korrupsiyadan xoli qilish hamda bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida:
bu borada qilinayotgan ishlarni jamoatchilik va OAVga taqdim etib borish hamda muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish, sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatib borishni ta’minlash;
ishga qabul qilish bo‘yicha kelgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha; tibbiy uskuna va jihozlar talon-taroj qilinishining oldini olishga qaratilgan; muassasalar kesimida jami koykalar soni, ulardagi band qilingan hamda bo‘sh turgan o‘rin(joy)lar haqida onlayn ma’lumot beruvchi qator elektron platformalar yaratish;
vazirlikning rasmiy veb-saytida tizimdagi barcha muassasalar kesimida bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlarni aks ettirib borish;
tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilash;
xizmatlar ko‘rsatish texnologiyasi, kadr resurslari, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sarflanishi bo‘yicha yagona reestr yaratish;
barcha tibbiyot muassasalari uchun yagona elektron bazani ishga tushirish, mablag‘lar sarflanishi ustidan qat’iy jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy etish;
tizimda korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan soha va yo‘nalishlarni davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazish hamda elektronlashtirish rejasini ishlab chiqish;
vazirlik markaziy apparati va hududiy tuzilmalarida alohida shtat birliklari asosida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi (“komplaens-nazorat”) faoliyatini samarali tashkil etish choralarini ko‘rish kabi sa’y-harakatlarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.